"Zamministrning ikkinchi xotini" yana trendda
Mazkur nom bilan "mashhur" bo‘lgan aktrisa endi MCHJ rahbari.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda «Вторая жена замминистра» deb nomlangan MCHJ tashkil etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Statistika qo‘mitasining saytida ham shu nomda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ haqida ma’lumotlar mavjud.
Ushbu MCHJ joriy yilning avgust oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tungi reydlarning birida o‘zini «zamministr»ning ikkinchi xotini ekanini aytib YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan aktrisa Madina Eshonqulovaga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, MCHJ 2021-yil 29-sentyabrda ro‘yxatdan o‘tgan. "Orginfo.uz" saytida bu MCHJ nomi "Paido low calarie drink" sifatida berilgan. Aktrisa MCHJ nomini kecha, 22-dekabr kuni o‘zgartirgan.
Davlat xizmatlari agentligi ushbu holatga munosabat bildirib nom qayta o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
«Muhokamalarga sabab bo‘layotgan tadbirkor aslida boshqa nom ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2021-yilning 22-dekabr kuni Zangiota tumani Davlat xizmatlari markazi orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va nomini o‘zgartirgan. Muhokamaga sabab bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektining firma nomi, tadbirkor bilan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng belgilangan tartibda o‘zgartirildi», – deyiladi agentlik xabarida.








