"Kelajak uchun meros" mukofoti o‘z egalariga topshirildi
Bir guruh olimlar O‘zbekiston madaniy merosi va san’atiga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlanishdi.

Bugun O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" kitob-albomi ustida ishlagan bir guruh olimlar hamda ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlagan rasmiy shaxslar "Kelajak uchun meros" mukofoti hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov hamda bir guruh olimlar, muzey rahbarlari ishtirok etishdi.
Butunjahon jamiyati O‘zbekistonning boy va serqirra madaniyatini o‘rganish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan dunyoning yuzlab taniqli olimlarini birlashtirdi. Va ular ko‘magida o‘zbek san’atining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" turkumidagi 50 tomdan iborat noyob kitob-albomi yaratildi.
"Kelajak uchun meros" mukofoti quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z egalariga topshirildi:
1. “Madaniyatni rivojlantirish, O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish g‘oyalarini targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun”;
2. “O‘zbekiston tarixi, arxeologiyasi va san’ati tarixini o‘rganish sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun”;
3. “O‘zbekiston qo‘lyozma merosini, epigrafik me’moriy yozuvlarni saqlash va o‘rganishga qo‘shgan hissasi uchun;
4. “Rassom va vaqt”;
5. “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid kitob-albomlar mualliflari;
6. “O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar turkumi uchun”;
7. “O‘zbekiston fan va madaniyatini ommalashtirishga qo‘shgan hissasi uchun”.
Tadbir davomida davlat va jamoat tashkilotlari kutubxonalariga ham ushbu kitob-albomlari taqdim etildi.








