Endi haydovchilik guvohnomasini “sotib olib” bo‘lmaydi
“Prava” olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun belgilangan yosh me’yorlariga rioya qilgan holda, haydovchilarni tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasalariga istalgan vaqtda borib, shartnoma tuzib o‘qishingiz mumkin.
Ammo o‘qish vaqtida mashg‘ulotlarga qatnashmasdan, o‘qimasdan vaqt o‘tkazish endilikda o‘zingizga zarar. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 272-son qaroriga muvofiq, endilikda haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshiriladigan nazariy va amaliy imtihonlar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan inson omili cheklangan, avtomatlashtirilgan avtodromda va imtihon olish xonalarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ushbu tizim inson omili to‘liq cheklangan, avtomatlashtirilgan dastur yordamida haydovchilikka nomzodlarni o‘quv muassasiga kelib ketishlarini, darslarda va mashg‘ulotlarda qatnashishlarini, ichki imtihonlardan o‘tgan yoki o‘tmaganliklarini to‘liq nazoratini amalga oshirib, yakuniy nazariy va amaliy imtihonlarga ruxsat beradi.








