Jamiyat

Bobur Bobomurod hamda "Farhod va Shirin" o‘rtasidan olamushuk o‘tdi

Shoir duetdoshlarni sudga berdi.

Bobur Bobomurod hamda "Farhod va Shirin" o‘rtasidan olamushuk o‘tdi

 

Shoir Bobur Bobomurod o‘zining sheʼriy asarlarga nisbatan mualliflik huquqlari buzilgani haqida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga ariza bilan murojaat qilgan.

 

Agentlikning maʼlum qilishicha, murojaatda estrada xonandalari Farhod va Shirin shoirga tegishli bo‘lgan “Farhod va Shirin” xizmat ko‘rsatish belgisidan hech qanday shartnoma tuzmay, uning roziligisiz foydalanib yurgan. Bobur Bobomurod bu ish uchun xonandalarga tegishli chora ko‘rilishini so‘ragan.

 

Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish jarayonida fuqarolar S.F.(Farhod) hamda z.Sh.(Shirin) tomonidan muallif B.Bobomurodovga tegishli bo‘lgan “Qalbim bahori” va “Hayot” nomli sheʼriy asarlarni muallif bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan, huquq egasining ruxsatisiz barchaning eʼtiboriga yetkazilgani va omma oldida ijro etilgani aniqlangan.

 

Zamon.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida shoir Bobur Bobomurod bilan bog‘landi:

— To‘g‘risi, nima bo‘lganini tushunmay qoldim. Ular o‘zlaridan o‘zlari men bilan ishlashdan bosh tortishdi. Ulardan mualliflik huquqimni talab qildim. Chunki ruxsatimsiz, shartnoma tuzmay, sheʼrlarimga yozilgan qo‘shiqlarni ijro etmoqda. Hamma meni ularni sudga berdi, deyapti. Yo‘q! Aslida, men bermadim. Ularni sudga Intellektual mulk agentligi berdi. Men faqat Intellektual agentligiga chora ko‘rishni so‘rab murojaat qildim.

 

Xonanda Shirin ushbu holatga shunday munosabat bildirdi:

— Farhod ikkimizni Bobur aka bilan o‘rtamizda hech qanday nizo bo‘lmagan. Nima sababdan bu hol bo‘lganiga o‘zimiz ham hayronmiz. Hozir biror gap aytolmayman. Lekin shuni aniq ayta olamanki — Bobur akaga hech qanday adovatimiz yo‘q. Sudda ko‘rishsak o‘zaro gaplashib, tushunmovchilikka oydinlik kiritib olamiz.

Biz xonanda Farhodning administratori bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo u ayni damda Farhodni intervyu berishni istamayotganini aytdi. O‘zi ham biror maʼlumot bermasligini bildirdi.

 

Munojat Valiyeva

Bobur Bobomurod hamda "Farhod va Shirin" o‘rtasidan olamushuk o‘tdi | Zamon.uz