Daʼvogar sust bo‘lsa, qozi muttaham bo‘ladi
Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora bilan qo‘lga tushdi.

Sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik bo‘lishi shart
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 7-fevral kuni Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Bosh prokurorning toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi sudyasi t. O.ni Jinoyat kodeksining 210-modda 2-qismi "g" bandi (bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.
Kengash xulosasi bilan t.O.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sudya o‘z sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish evaziga 3 ming aqsh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Adolatni himoya qiladigan sudya qonunga, o‘z kasbiga xiyonat qilsa, odamlar dodini kimga aytadi? Adolat izlab qayerga borsin? Odamlar taqdiri, taʼbir joiz bo‘lsa, hayoti sudyalar qo‘lida. Zero, sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik bo‘lishi shart.
O‘tgan yili 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi
Sudyalar oliy kengashi yig‘ilishida 2021-yil yakunlari bo‘yicha ham maʼlumotlar berildi. Sudyalar oliy kengashi qarori bilan o‘tgan yilda 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etildi. Shundan 19 nafari sudyalik qasamyodi va “Sudyalar odobi kodeksi” talablarini buzgani uchun, 8 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 8 nafari boshqa ishga o‘tgani, 3 nafari esa vafot etgani munosabati bilan vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. O‘tgan yilda 220 nafar sudya boshqa turdagi intizomiy javobgarlikka tortildi.
SHUningdek, 2022-yildan eʼtiboran tizimda ochiqlik hamda shaffoflikni taʼminlash orqali sudyalarning masʼuliyatini yana-da oshirish maqsadida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilganlar haqida ham muntazam ochiq axborot berib borilmoqda.
Joriy yilning 3-fevral kuni yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va masʼuliyatsizligi uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining sudyalari A.Baxromov va H.Saidov, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi F.Murodov, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi sudyasi Sh.Amirov, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi A.Jabborov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi Sh.Abdijemilova, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining sudyalari I.Kalniyazov va М.Bekimbetov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining sudyasi D.Shomatova, fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tumanlararo sudining sudyasi J.Bobonazarov intizomiy javobgarlikka tortildi.







