“Milan” yarim himoyachisi yozda “Barselona”ga o‘tishi mumkin
U Busketsga o‘rinbosar sifatida ko‘rilmoqda.

“Milan”ning 25 yoshli yarim himoyachisi Frank Kese faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirishi aytilmoqda. “Barselona” afrikalik futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar kelishuvga yaqin. Kot-dʼIvuarlik futbolchi bilan shartnoma imzolanishi bilan kataloniyaliklar yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni o‘ylamoqda. “Barsa” Kessiyerni 33 yoshli Serxio Busketsga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Kessiyerning “Milan” bilan shartnomasi keyingi yozda yakuniga yetadi. Tomonlar avvalroq shartnomani uzaytirish borasida kelisha olmagandi. Sababi Frank klub taklif qilayotgan shartlardan qoniqmayapti. Shunga ko‘ra, futbolchi yangi jamoaga erkin agent sifatida qo‘shilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda Kessiyer Italiya A Seriyasida “Milan” safida 17 ta o‘yinda maydonga tushdi va 5 ta gol urdi. Shuningdek, u Chempionlar ligasida 5 o‘yinda bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
Avvalroq, Messi sobiq jamoadoshi haqida fikr bildirgani va Draksler “PSJ” uchun keraksiz futbolchiga aylangani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







