Jamiyat

Super xotira va kubik-rubiklardan yasalgan portret

Noyob iste’dod egasi Abror Azimjonov haqida bilasizmi?

Super xotira va kubik-rubiklardan yasalgan portret


Super xotirasi yordamida kubik-rubikdan turli xil san’at asarlari yaratayotgan Abrorjon Azimjonov 2003-yil Namangan viloyatida tug’ilgan. U hozirda “Tashkent university of economics and management” ning birinchi bosqich talabasi.  19 yoshli yigit 600 ta kubik-rubikdan har xil mashhur insonlarning portretlarini va turli davlatlarning bayroqlarini yasagan.

 

“Darakchi” muxbiri noyob iste’dod egasi bilan suhbatlashib, unga quyidagi savollar bilan murojaat qildi: 

 

— Super xotiraga ega bo‘lish uchun nima qilish kerak?

 

— Super xotiraga ega bo‘lish bu hech ham supertalant emas. Har xil uslub va mashg‘ulotlar orqali bunga erishsa bo‘ladi. Oldin maktabda menda bir nechta fanlardan muammo bo‘lar edi. Xotiram yaxshi emasdi. Kurslarga chiqib, o‘rganib xotiramni rivojlantirib shu darajaga erishdim. Yomon xotira bo‘lmaydi, shug‘ullangan xotira va shug‘ullanmagan xotira bo‘ladi. Sizdan shug‘ullanish talab etiladi, xolos. Xotirani kuchaytirish har bir insonning o‘z qo‘lida. Uni faqat ko‘pchilik ishlata olmaydi. 

 

— Kuchli xotira sizga hayotda asqotgan vaqtlari bo‘lganmi?

 

— Albatta-da! Bir kuni taksiga chiqdim va u taksida buyumim qolib ketdi. Taksiga chiqishdan oldin men taksi raqamini, rangi va rusumini eslab qolgan edim. Shu nomer orqali o‘sha taksini topib, buyumimni zudlik bilan olganman. Shundan keyin amin bo‘ldimki, e’tiborli bo‘lishdan tashqari kuchli xotiraga ega bo‘lish ham muhim.

 

— Ilk marta kubik-rubikni qo‘lingizga olishingizga nima turtki bo‘lgan?

 

— Bir kuni internetda video ko‘rib qoldim. Unda amerikalik blogerlar kubik-rubikdan insonlarni portretini terayotgandi. O‘zim ham nega o‘zbek farzandi qilolmaskan, deya bu ishni o‘rgana boshladim. 

 

— Birinchi yasagan portretingiz...

 

— Birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovning portretini terdim va birinchi videom ham shu bo‘ldi. Shundan keyin ko‘pchilikda bu videokontent qiziqish uyg‘otdi. Keyinchalik esa o‘zim yoqtirgan siyosatchilar portretini ham terdim.

 

— Yutuqlaringiz haqida aytib o‘tsangiz...

 

— Rossiyadagi “Удивительные люди” shousida qatnashib, o‘z iqtidorimni namoyish qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilgan xotira chempionatida qatnashib, chempion bo‘ldim.  Dzyudo sport turi bilan ham 7 yildan beri shug‘ullanib kelaman va ko‘plab natijalarim bor.

 

— Bugungi kunda buyurtmalar tushyaptimi?

 

— Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda videolarni joylaganimdan keyin juda ko‘p insonlar yozib boshlashdi. Onajonimni, turmush o‘rtog‘imni, akajonimni va boshqalarni portretlarini qilib bering, deb. Yashirmayman, albatta, bundan mablag‘ kelib turadi. Ushbu topgan mablag‘larim o‘zimning xarajatlarimga bemalol yetadi. 

 

— Kelajakda qaysi kasbning etagini tutmoqchisiz?

 

— Biznes, marketing sohasiga juda ham qiziqishim baland. Kelajakda kuchli marketolog bo‘lmoqchiman.

 

Abror 2 yil ichida 50 dan ortiq shu kabi portretlarni yasab ulgurgan va kubik-rubikdan portret yasashni o‘zining xobbisi, deb qaraydi. Shuningdek, u iqtidori orqali o‘zining ehtiyojlari uchun yetarli pul ham topadi.

 

Super xotira va kubik-rubiklardan yasalgan portret | Zamon.uz