Farg’onada “Hizb ut-tahrir”targ’ibotchisi qayta qo’lga olindi
U muqaddam mazkur jinoyati uchun 10 yil jazo muddatini o’tagan.

Qo‘qon shahrida O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan «Hizb ut-Tahrir» diniy-ekstremistik tashkiloti tarafdorining faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xabar berdi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” safida faoliyat olib borganligi uchun 2000-2004 va 2007-2013 yillarda jazo muddatini o‘tab chiqqan 1979 yilda tug’ilgan fuqaro jinoiy faoliyatini tiklab, Internet tarmog‘ining “Facebook»” ilovasi orqali ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilish va shu yo‘l bilan “tahrirchilar” safini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan.
U “Facebook”dagi elektron manzili orqali virtual do‘stlariga “Hizb ut-Tahrir” DETning audio-video materiallarini, shuningdek tashkilotning faol virtual yollovchisi va targ‘ibotchisi “Maxmud Abdulmo‘min” taxallusli, 1980 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovichning ma’ruzalarini tarqatib kelganligi aniqlandi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.








