Farg‘onada qotillikka qo‘l urgan 4 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
Sudlanuvchilar ikki nafari hali o‘ttiz yoshga ham to‘lmagan.

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida 2021 yil 14 iyun kuni qotillik sodir etgan 4 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Aniqlanishicha, Q.A. va O.J. kasb-hunar maktabining birinchi bosqich o‘quvchilari bo‘lib, voyaga yetmagan. Xabarga ko‘ra, B.M. va S.U. qarzlarini uzish maqsadida reja tuzgan.
Ular Marg‘ilon shahridagi qurilish materiallari bozoridan temir mahsulotlarini 13 million 460 ming so‘mga sotib olib, sotuvchiga 100 dollarni 1 060 000 so‘m hisobida bergan. Qolgan pulni Quvasoyda yukni olib boradigan haydovchidan berib yuborishga kelishgan. Yuk tashuvchi A.U. boshqaruvidagi "MOS 2125" (Moskvich kombi) rusumli avtomashinasida mahsulotlarni olib, shogirdi — voyaga yetmagan R.H. bilan yo‘lga chiqqan.
Haydovchi Chek qishlog‘iga yetib borib, B.M.ga telefon qilganda yukni bolalar tushirib olishga yordam berishi aytilgan. Q.A. va O.J. mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib, qir-adirliklar tomon boshlab borgan. B.M. va S.U. ham ularning ketidan manzilga yetib kelgan. Yarim soatlardan so‘ng ular haydovchini shogirdining ko‘z o‘ngida arqon bilan bo‘g‘ib, qarshilik qilgach, urib o‘ldirgan. R.H.ning esa qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, yukxonaga, murdani esa o‘rindiqqa joylashtirgan. Shundan so‘ng mashinadagi temir mahsulotlarini uyga tushirib, jinoyat izlarini yo‘q qilishga harakat qilgan.
B.M. avtomashinani Toshloq tumanidagi fermer xo‘jaligi yer maydoni yoniga boshqarib borib, o‘sha yerda qoldirib ketgan. Shu payt R.H.ning nafas olayotganini ko‘rib, qo‘llari bilan bo‘g‘ib, hushidan ketkazgan. Uni o‘ldi deb o‘ylab, voqea joyidan ketgan. Voyaga yetmagan R.H. hushiga kelib, sodir etilgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar bergan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudi tomonidan mazkur ish ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan.
Unga ko‘ra, B.M.ga 22 yil, S.U.ga 19 yil, Q.A. va O.J.ga 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada o‘z akasi uchun jinoyatga qo‘l urgan shaxs ushlangani hamda Xorazmda o‘g‘lining qotiliga aylangan ota 10 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.







