Shavkat Mirziyoyev bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish haqida taklifga munosabat bildirdi
Bu taklif maktabgacha taʼlim sohasi vakilasi tomonidan berilgan.

Tuman faollari bilan suhbat davomida "Hakim ota" ovulidan tashrif buyurgan maktabgacha taʼlim sohasi vakili Baxtigul Kitaybekova bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish masalasida davlat rahbariga murojaat qildi, deyiladi xabarda.
Kitaybekova Mo‘ynoqdan 70 kilometr naridagi ovulda yashashini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ovulda ikki qavatli bog‘cha qurilgan. Taʼkidlanishicha, bog‘cha “Adolat” deb nomlangan. Prezident buni eshitib samimiy kulgan.
"Bog‘chamizdagi sharoit Toshkent shahrida ham yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qolaman. Sizdan bir iltimos, hech bo‘lmasa olis hududlar uchun bolalarni bog‘chaga 3 yoshdan emas, 2 yoshdan olishga ruxsat bersangiz", – degan Baxtigul Kitaybekova.
Davlat rahbari o‘zi ham shuni reja qilganini aytdi.
"Qoraqalpog‘istonda birinchi bosqichda maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni joriy etdik. Bu juda maʼqul ish bo‘ldi, deyish mumkin. Bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish bo‘yicha mening ham niyatim bor. Ammo hali ozroq vaqt bor. Iqtisodiyotimizni salgina mustahkamlab olaylik, keyin bu ishni amalga oshiramiz. Agar hozir faqat Qoraqalpog‘iston uchun buni yo‘lga qo‘ysak, boshqa hududlarga nisbatan to‘g‘ri bo‘lmaydi", — deydi prezident.
Maʼlumot o‘rnida: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi qarori bilan bog‘chalarga qabul yoshi 3 yosh etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent — Mo‘ynoq — Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yilishi hamda Shavkat Mirziyoyev o‘tirgan layner ilk marta Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ngani haqida xabar berilgandi.







