Yoshlar ittifoqi yetakchilariga yana bir “imtiyoz”: endi ular metrodagi hojatxonadan tekin foydalanishlari mumkin
23-fevraldan Chilonzor metro bekatida ona-bola xonasi va hojatxona ishga tushirildi. Undan bepul foydalanuvchilar toifalari belgilandi.

Ona-bola xonasi va hojatxona “Chilonzor” metro bekatining Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan kiriladigan qismida joylashgan.
Hojatxona ayollar va erkaklar uchun alohida bo‘lib, ayollar hojatxonasi ichkarisida ona-bola xonasi, yaʼni 1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklarni yo‘rgaklash xonasi tashkil etilgan.
Ona-bola xonasi va hojatxona "Underground service" MCHJ tomonidan "Toshkent metropoliteni" DUK bilan hamkorlikda qurilgan bo‘lib, undan foydalanish haqi 1,5 ming so‘m.
Quyidagi toifaga kiruvchi yo‘lovchilar esa hojatxonadan bepul foydalanishlari mumkin:
Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari;
Nogironligi mavjud fuqarolar;
Chernobil falokati ishtirokchilari;
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va Yoshlar ittifoqi yetakchilari;
7 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
"Toshkent metropoliteni" DUK matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ona-bola xonasi hamda hojatxona sinov tariqasida qurilgan bo‘lib, natija kutilganidek bo‘lsa, yo‘lovchilar oqimi ko‘p bo‘lgan yana 14 ta metro bekatida ham barpo etilishi rejalashtirilgan.







