Polshadan yana 300 ga yaqin vatandoshimiz olib kelindi
Ular bugun Toshkent vaqti bilan soat 9:15 da evakuatsiya qilingan.

Joriy yilning 1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining saʼy-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanimizga qaytarildi.
Hozirgi vaqtda “Karchova” nazorat-o‘tish punktidagi to‘planish joyida bo‘lib turgan 650 dan ortiq fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonning Polshadagi Elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanmoqda va ularning ayeroportda bo‘lib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadan evakuatsiya qilingan fuqarolar Toshkentga yetib kelgani haqida xabar berilgandi.







