Qashqadaryoda yangi tuman tashkil etildi
Tuman Chiroqchining bir qismidan shakllantiriladi.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvida Chiroqchidagi holat haqida gapirib, aholiga qulay bo‘lishi uchun ushbu tuman negizida Chiroqchi va Ko‘kdala tumanini tashkil etish taklifini bergandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Qashqadaryo viloyati tarkibida Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Chiroqchi tumanidan Ko‘kdala tumaniga 171 ming gektar yer maydoni, aholining 177 ming nafari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, tuman tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi, 1 ta kichik sanoat zonasi o‘tkazilib, 10 ming gektar lalmi va adir yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida bog‘-tokzorlar tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari o‘zgartirilishi haqida xabar berilgandi.







