O‘zbekiston — Pokiston hamkorligi yangi bosqichga chiqdi
Islomobodda ikki davlat ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islomobod shahrida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibidagi masalalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasiga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik va ushbu tashrif doirasida rejalashtirilgan tadbirlar, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yana-da chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi choralar muhokama qilindi.
Islomobod shahrida (Pokiston) O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 150 ga yaqin vakillari, shuningdek, asosiy vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum davomida ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yirik kompaniyalari rahbarlari tomonidan taqdimotlar o‘tkazilib, unda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va kelgusida o‘rganish uchun istiqbolli loyihalar taklif etildi.
Hamkorlikning amaliy jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari “G2B” va “B2B” tarzida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida muhokama qilindi.
Forum natijalari bo‘yicha umumiy qiymati 797 million dollarlik savdo shartnomalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolandi.







