O‘zbekistonda hind-islom xattotligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
Ko‘rgazma 7 aprel sanasiga qadar davom etadi.

Navoiy shahridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi”da “Hindistonning yozma merosi: hind-islom xattotligida yozish sanʼati” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi doirasida Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Manish Prabxat va Lal Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori janob Chander Shekharni qabul qildi.
Tadbir Navoiy viloyati hokimligi, Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi, Laʼl Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi va Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda dastlab viloyat rahbari mehmonlarga hududning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari haqida maʼlumot berib, savdo-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish uchun barcha asoslar mavjudligini taʼkidladi.
Tadbirda elchi janob Manish Prabxat ham qatnashib, quyidagicha fikr bildirdi:
— Hindiston o‘zining boy madaniy merosi va tasviriy sanʼati bilan dunyoga mashhurdir. Madaniyat va sanʼat asarlaridagi yakdillik o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi mustahkam rishtalardan dalolat beradi. Ushbu ko‘rgazma yordamida biz nafaqat yozuv sanʼatining go‘zalligi va nafosatini, balki ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikni madaniy nuqtai nazardan ham ko‘rsatishni xohladik. Hindistonda o‘ziga xos kuchli xattotlik maktabi mavjud bo‘lib, bunda o‘zbek rassomlarining ham bunga o‘z hissasi bor. Bu – Navoiy viloyatiga mening birinchi tashrifim. Uchrashuvlarda O‘zbekiston xalq amaliy sanʼati, hunarmand ustalarning qo‘l mehnati orqali yaratilgan sanʼat asarlari bilan yaqindan tanishar ekanman, ikki xalq o‘rtasidagi o‘xshashlik va yaqinlikni ko‘rib juda xursand bo‘ldim.







