Jamiyat

Mazkur aeroport eng gavjum havo darvozasi bo‘lishi kerak — Erkinjon Turdimov

Ayni damda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning “Samarqand” xalqaro aeroportining ochilish marosimida nutq so‘zlamoqda.

Mazkur aeroport eng gavjum havo darvozasi bo‘lishi kerak — Erkinjon Turdimov

 

Viloyat hokimi kirish so‘zini bugungi kun Samarqand tarixida muhim voqealardan biri bo‘lib qolishi mumkinligi bilan boshladi:

Bugun – 2022 yilning 18 mart sanasida Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobining ochiq holdagi qiyofasida “Samarqand” xalqaro aeroporti foydalanishga topshirilmoqda.

 

Barchamizga yaxshi maʼlum, shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Ota-bobolarimiz Navro‘zni sharqona yangi yil deb bilgan.

 

Yangi yilni yaxshi yangiliklar, yaxshi xabarlar bilan boshlasak, boshlanadigan yil xosiyatli va barakali davom etadi.

Ushbu voqea munosabati bilan, avvalo, barcha samarqandliklarni, yurtimiz mehmonlarini viloyatimiz jamoatchiligi nomidan samimiy tabriklayman.

Qadrli do‘stlar!

Sizga yaxshi maʼlum, 1967 yildan buyon ishlab kelayotgan “Samarqand” xalqaro aeroporti bugungi zamon talablariga mutlaqo javob bermay qolgan edi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan 2019 yilning iyul oyida dunyoning yirik turistik markazlaridan biri hisoblangan Samarqand shahrida sayyohlar hamda tijorat uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi loyihadagi aeroport qurilishi boshlandi.

Yangi “Samarqand” xalqaro aeroportida qanday imkoniyatlar paydo bo‘ladi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

Ushbu obyekt O‘zbekistondagi eng yirik aeroportlaridan biriga aylanadi hamda ushbu “havo darvozasi”da 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchidan, Buyuk Ipak yo‘li hududida joylashgan mazkur aeroport quvvati jihatidan Markaziy Osiyoda ikkinchi raqamda qayd etilmoqda.

Shuningdek, “Samarqand” xalqaro aeroportini yirik transport xabiga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Bunda mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 7 tadan 20 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 5 taga oshiriladi.

Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar soni haftasiga 25 tagacha, geografiyasi 4 ta yo‘nalishdan 8 tagacha ko‘paytiriladi.

“Ochiq osmon” rejimini joriy etish hisobiga 8 ta xorijiy aviakompaniyani jalb qilish va 17 ta yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutiladi.

Shuningdek, turistlar oqimni keskin ko‘paytirish maqsadida “Samarqand” xalqaro aeroportning mahalliy temir yo‘l va avtobus qatnovlariga bog‘langan, ilk bor xususiy boshqaruvga berilgan yangi terminal ishga tushirilmoqda.

Ushbu terminalga davlat tomonidan hamkor sifatida “Uzbekistan aeroports” aksiyadorlik jamiyati ishtirok etayotgan bo‘lsa, xususiy hamkor va kompaniya boshqaruvchisi bo‘lib “Air Marakanda” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishtirok etmoqda.

Shuningdek, yangi aeroport foydalanish barobarida uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi, zamonaviy radioaloqa va yoritish tizimi qurildi, 4 ta yangi trap tayyorlandi.

Hududda 70 ta samolyot, 700 ta yengil avtomobillar uchun maxsus bekatlar qurildi.

Aeroportni yangi qiyofaga kelitirishda turkiyalik mutaxassislar uchun 83 million dollar mablag‘ ajratib berilgan.

Qadrli tadbir qatnashchilari!

Bir so‘z bilan aytganda, Sharqiy Osiyo bilan Yevropani havo yo‘llari orqali bog‘lashda geografik jihatdan nihoyatda qulay hududda joylashgan mazkur aeroport kelajakda eng gavjum havo darvozasi bo‘lib qoladi, degan umiddamiz.

Mazkur aeroport eng gavjum havo darvozasi bo‘lishi kerak — Erkinjon Turdimov | Zamon.uz