Namanganda “Kalashnikov” avtomatini sotayotgan shaxs qo‘lga olindi
Mazkur shaxs muqaddam qasddan odam o‘ldirish va Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish moddalari bilan ham sudlangan.

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida “Kalashnikov” avtomatini sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi
Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan A.O. Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Ola-buqa tumaniga borib, jinoiy sherigidan 1 dona AKS-74 jangovor o‘qotar quroli, 3 dona o‘qdon va 43 dona o‘q-dorilarni olib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga o‘tkazgan.
DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.O. ushbu qurol va o‘q-dorilarni Namangan shahrida sotmoqchi bo‘lganida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.







