Samarqandda tender savdolaridan 578 million 893 ming so‘m tejab qolingan
Бу кўрсаткич 81 та объектларнинг лойиҳа-смета ҳужжатлари ўрганилганда маълум бўлди.

Samarqand viloyati bo‘yicha tender savdolariga eʼlonga berilgan 81 ta obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari o‘rganilganda, dasturga kiritilgan 40 ta umumtaʼlim maktablarining loyiha-smeta hujjatlaridan 211 mln. 779 ming so‘m, 20 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarining loyiha-smeta hujjatlaridan 126 mln. 555 ming so‘m, 13 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektlaridan 240 mln. 559 ming so‘m, jami 578 mln. 893 ming so‘m iqtisod qilingan.
Bu haqida Samarqand viloyat prokurori Jahongir Hotamov xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmishinchi sessiyasida maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Payariq tumanidagi 59-sonli umumtaʼlim maktabini rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Sam kadastr” MCHJ tomonidan 1 mlrd. 420,4 mln. so‘mga ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida orayopma plitalar soni oshirib ko‘rsatilishi natijasida obyekt qiymati sunʼiy ravishda 119,7 mln. so‘mga oshirib ko‘rsatilganligi aniqlangan.
Urgut tumanidagi 121-maktabning fasad qismi suvoq ishlarida 145 mln. so‘m, 81-maktabda narxlarni oshirib ko‘rsatish orqali 47 mln. so‘m va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktabni rekonstruksiya qilish obyekti smetasida material xarajatlariga 206 mln. so‘m ortiqcha ko‘rsatilganligi aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan Urgut tuman va Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturalari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Loyiha-smeta hujjatlariga masʼullarning javobgarlik masalasi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda hamda Payariq tumanidagi 59-maktab va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktabni tender savdolaridan qaytarib, loyiha-smeta hujjatlarini to‘g‘rilab, qaytadan eʼlonga berish choralari ko‘rilmoqda, deydi viloyat prokurori Jahongir Hotamov.







