“Bobo, ular sizni nega urdi?“
Haqini talab qilgan jurnalist nabirasi bilan "elektroset"dan surib chiqarildi.

7 aprel kuni "Mahalla" teleradiokanali sharhlovchisi, jurnalist To‘lqin Yorqulovning qo‘l telefoniga Yangihayot tuman ETK dan 9 546 so‘m, 64 tiyin qarzdorligi bois xonadoni elektr tokidan uzib qo‘yilgani haqida SMS keladi. Fuqaro bundan hayratlanadi. Chunki u 2021 yilning avgust oyida oldindan to‘lov asosida 10 435 kilovattgacha pulini oldindan to‘lab qo‘ygan.
To‘lov qog‘ozi (kvitansiya)ni o‘sha paytda Sergeli tuman ETK xodimlari o‘zlari yozib bergan va fuqaro uni bankka to‘lagan. Ya’ni hali hisobi bo‘yicha xonadoni tarmoqdan uzilmasligi kerak bo‘lgan. Biroq fuqaro qarz qilib qo‘yilgan.
"Nabiram bilan Yangihayot tuman ETKga aniqlik kiritish uchun bordim. Ular meni Sergeli TETK ga borishim va uyimdagi hisobdon ko‘rsatkichini olib kelishim, shunda ham men qarzimni to‘laganimdan so‘nggina chiroq yonishini aytishdi. Men bu aniq emasligini, men 10 435 kilovattgacha oldindan to‘lov qilib qo‘yganim, yaxshilab tekshirib, chiroqni yoqishlarini so‘radim. Chunki men yog‘och uyda yashayman. Hamma narsa elektr bilan bog‘liq. Ularga o‘zimni jurnalistligimni aytib, guvohnomamni ko‘rsatdim va diktofon tutdim. Ular meni nevaram bilan binodan turtib-turtib tashqariga chiqarib tashlashdi. Bu ham yetmagandek eshikni ichkaridan yopib olishdi. Yo‘lda kelayotsak nabiram: “Bobo, ular sizni nega urdi?“, deb so‘radi... — deydi jurnalist To‘lqin Yorqulov.
O‘ylayotgandirsiz, shu arzimagan 9-10 ming kimni o‘ldiribdi, to‘lab yuborsa bo‘ladiku, deb. Ammo bu yerda kim uchundir arzigan, yana kimlar uchundir arzimagan pul haqida emas, balki adolat, haqiqat haqida ketmoqda. Xo‘sh, 10435 kilovattga oldindan to‘lov qilgan fuqaro haqmi, yoki hisobida pul bo‘la turib, elektrni uzib, yana 9 546 ming so‘m qarz yozganlarmi? Alam qiladigani, ulug‘ ayyom — ro‘zai ramazon kunlari iftorga tayyorgarlik ko‘rish bor. Yog‘och uyda esa elektrsiz buni iloji yo‘q.







