Moskvada mushtlashgan O‘zbekiston va Tojikiston migrantlari deportatsiya qilinadi
Janjalda qatnashgan barcha shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ommaviy mushtlashuvga aloqadorlikda gumon qilingan 41 nafar tojikistonlik va 85 nafar o‘zbekistonlik 1 aprel kuni Moskvadagi «Serdse stolitsi» turar-joy majmuasi qurilishida migrantlarlar o‘rtasidagi mojarodan keyin qo‘lga olingan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva bo‘limi O‘zbekiston Elchixonasi bilan birgalikda o‘tkazgan dastlabki surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, 1 aprel kuni Moskva kompaniyasining ikki xodimi o‘rtasida janjal kelib chiqqan, so‘ngra mushtlashuvga boshqa ishchilar ham jalb qilingan.
«Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi elchixona bilan birgalikda ushbu muammoni vakolatli organlar orqali hal qilish choralarini ko‘rmoqda», - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mojaro Shelepixinskaya qirg‘og‘idagi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan. Mushtlashuvning barcha ishtirokchilari tergov o‘tkazish uchun politsiya bo‘limlariga olib ketilgan, mushtlashuv ishtirokchilaridan hech biri jiddiy jarohat olmagan. Barcha shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Maʼlum qilinishicha, mushtlashuv tojikistonlik ishchining O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan aytgan “ahmoq” so‘zi tufayli boshlangan.







