Namanganda hokim yordamchisi pora bilan ushlandi
U fermer xo‘jaligiga tegishli yerni 15 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan.

Chust tumanida fuqaroga fermer xo‘jaligi yer maydonini olib bermoqchi bo‘lgan hokim yordamchisi va uning sheriklari ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi, “R. N.” fermer xo‘jaligi rahbari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, xo‘jalikning “Kaklikqo‘rg‘on” MFY hududidagi 5,3 gektar yer maydonini fuqaroga bog‘dorchilik tashkil etish uchun ajratib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa 15 ming AQSH dollari so‘ralgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yuqoridagi shaxslar oldindan 1,5 ming AQSH dollari va 5,6 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








