Bir oylik yomg‘ir bir yarim soatda yog‘ib o‘tdi
Respublikamizning ayrim hududlaridagi kuchli sel oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Kecha, 20 aprel kuni respublikamizning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi.
Samarqand viloyatida:
Xabar berilishicha, Yomg‘ir va oqava suvlari Samarqand shahrining 5 ta shox ko‘chasidan o‘tuvchi avtomobillar qatnov qismida, 54 ta ichki ko‘chalar atrofidagi irrigatsiya tarmoqlarida, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari va atrofida, 84 ta yakka tartibdagi turar joy binolarining yerto‘lalari va hovlilarida, 5 ta umumtaʼlim (9, 29, 39, 75-son umumtaʼlim, 1 ta ixtisoslashgan) maktablar va M. Ulug‘bek ko‘chasidagi “Ko‘zmunchoq” nomli MTM hovlilari hamda Narpay ko‘chasidagi «Muz saroyi» binosi ostidagi avtoturargohda to‘plangan.
Jizzax viloyatida:
FVV maʼlumotiga ko‘ra, Forish tumanining tog‘li hududlari va adirliklarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida sodir bo‘lgan sel oqimi «Egizbuloq» MFYda joylashgan 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasi to‘liq talafot ko‘rgan, 44 tasi o‘rta va 163 tasi yengil darajada talofat ko‘rgan. Qutqaruvchilar tomonidan 6 nafar fuqaro sel oqimlari ichidan qutqarilib, Forish tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ushbu hududda shunday sel oqimlari bundan taxminan 80 yillar avval kuzatilgan.
Sel oqimi 15-son umumtaʼlim maktabi va 9-son maktabgacha taʼlim muassasasi hududiga (binolarning 1-qavatiga) ham kirgan. 1,5 km ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Yuzaga kelgan sel oqimi natijasida «Egizbuloq» MFYda joylashgan 25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqarolar vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uylariga ko‘chirib o‘tkazilib, ular uchun tuman hokimligi tomonidan hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasi tashkil etildi.
Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida sel oqimlari o‘z yo‘lidan oqib o‘tgan. Sel hududlardagi aholi yashash xonadonlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlariga ziyon yetkazmagan.







