Seldagi bedarak yo‘qolgan ilk qurbon topildi
Jizzax viloyat prokuraturasi sel toshqini yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Maʼlum qilinishicha, kecha 20 aprel kuni soat 15:00larda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Forish tumani, “Egizbuloq” M.f.y hududidagi “Nurota” tog‘ tizmasidan “Orishli” qishlog‘i orqali “Egizbuloq” qishlog‘iga sel toshqini kelgan.
Oqibatda, shu hududda yashovchi 4 nafar shaxslar vafot etgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan va 6 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Shuningdek, sel toshqini natijasida 53 ta turar joy va ularning yordamchi xo‘jalik binolariga zarar yetgan.
“Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bedarak yo‘qolgan shaxs suvga cho‘kishi natijasida vafot etganligi aniqlanib, uning murdasi topildi.
Bundan tashqari, voqea sodir bo‘lgan hududda tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, toshqin oqibatlari bartaraf etilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda maʼlum qilinadi”, deyiladi prokuratura xabarida.







