Gematologiya, onkologiya va immunologiya markazlaridagi bemor bolalarga qarayotganlarga bepul ovqat beriladi
Prezident onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra:
- Nukus shahrida «Bolalar tibbiyot klasteri»;
- yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi;
- 2022 yil 1 maydan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahri oilaviy poliklinikalarida bolalar bo‘limi;
- tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amaldagi shtat birliklari doirasida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari hamda kecha-yu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari;
- Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish bo‘yicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalari tashkil etiladi.
Shuningdek, Respublika perinatal markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022-2023 yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va hududlardagi barcha tug‘ruq komplekslarida tatbiq etiladi.
2022 yil 1 maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.







