Jamiyat

O‘zbekiston delegatsiyasi Arabistonga jo‘nab ketdi

Ular "Haj - 2022" masalasini hal qilish maqsadida mamlakatga yo‘l olgan

O‘zbekiston delegatsiyasi Arabistonga jo‘nab ketdi

Pandemiya o‘tgan ikki yil davomida butun dunyo musulmonlari haj amallarini ado etishi uchun to‘sqinlik qildi. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab esa Umra ziyoratiga borish qayta yo‘lga qo‘yilib, qisqa vaqt ichida qariyb 35 ming nafar o‘zbekistonlik umra amallarini bajarish baxtiga muyassar bo‘lishdi.

2022 yil muqaddas Haj amallarini bajarish uchun ham imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi. Shuningdek, bugun, 3 may kuni erta tongda idora raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining “Haj – 2022” mavsumi bo‘yicha rasmiy bayonotida, bu yilgi haj tadbiriga chet ellik va mahalliy hojilarga jami 1 million kishi uchun haj ibodatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Maʼlum bo‘lishicha, delegatsiya mazkur safar orqali “Haj – 2022” mavsumini tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni Saudiya Arabistonidagi mutasaddi idoralar bilan kelishishni rejalashtirgan.

Ayni kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlari katta intiqlik bilan haj mavsumi boshlanishini kutishmoqda. Umid qilamizki, yurtimiz musulmonlari yana emin-erkin haj ibodatlarini ado etish saodatiga erishadilar, insha Alloh, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Arabistonga jo‘nab ketdi | Zamon.uz