3-may kuni butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda “Jahon matbuoti erkinligi kuni” keng nishonlandi
“Sevimli” telekanali jamoasi barcha hamkasblarimizni ushbu bayram bilan qutlaydi.

Bugungi kunda telekanalda 500 dan ziyod ijodiy va texnik xodim o‘z ish o‘rniga ega bo‘lib, 24 soat uzluksiz ravishda telemahsulotlarni efirga uzatib kelyapti. Ko‘rsatuv va loyihalar tayyorlash, ularga davlat va jamoat tashkilotlari vakillarini jalb qilish, sodir bo‘lgan voqea-hodisaga tezkorlik bilan munosabat bildirishda amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Albatta, telekanalimizda ishlayotgan har bir jurnalistning o‘z fikri va qarashlari mavjud. Shu o‘rinda, Qalampir.uz internet nashri tomonidan eʼlon qilingan “O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup yoxud “oshkoralik niqobi” ortidagi “shep”lar” nomli maqolada “Sevimli” telekanali xodimlari tomonidan bildirgan fikrlar telekanalning umumiy faoliyati va pozitsiyasidan kelib chiqib aytilgan gaplar emas. Xususan “Zamon” informatsion dasturi boshlovchisi Jahongir Olimovning Bosh prokuratura matbuot xizmati haqida bildirgan fikrlari telekanal nuqtai nazarini ifoda etmaydi. Bu jurnalistning shaxsiy mulohazalari.
Shu vaqtga qadar telekanalning 25 dan ortiq ko‘rsatuv va loyihalarini, jumladan, “Zamon” informatsion dasturini tayyorlash jarayonida maʼlumot olish bilan bog‘liq biror jiddiy muammoga duch kelingani yo‘q.
Birgina misol: 2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tizimidagi tashkilotlar yordamida 359 ta material tayyorlab efirga uzatilgan. Mana shu raqamning o‘zi ham prokuratura organlari OAV uchun ochiq ekanligini ko‘rsatib turibdi. Nafaqat Bosh prokuratura, shu bilan birga, huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar matbuot xizmatlari bilan mustahkam va keng ko‘lamli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Fursatdan foydalanib, “Sevimli” telekanali rahbariyati hamkorlik uchun barcha matbuot xizmatlariga minnatdorlik bildiradi va ularni yana bir bor bayram bilan qutlaydi.
“Sevimli” telekanali matbuot xizmati







