O‘zbekistonda 9 mayni ortiqcha siyosiylashtirmaslikka chaqirilmoqda
“Yuksalish” umummilliy harakati 9 may – Xotira va qadrlash kunini ortiqcha siyosiylashtirmaslik va milliy qadriyatlarga tayangan holda nishonlash chaqirig‘i bilan chiqdi

“Yuksalish” umummilliy harakati xabariga ko‘ra, har yili may oyi boshlarida turli rasmiy va norasmiy doiralarda 9 mayni siyosiylashtirishga bo‘lgan harakatlar kuzatiladi.
Taʼkidlanishicha, birinchidan, ushbu kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qonli ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yarim milliondan ziyod o‘zbekistonliklarning ruhi xotirlanadi.
Ikkinchidan, 9 may — urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning jasoratini, front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilgan o‘zbek xalqining bag‘rikengligini anglash va qadrlash kuni.
Uchinchidan, bu kunda jahon urushidan oldin va keyingi tarixda O‘zbekiston tinchligi va ravnaqi uchun jonini fido qilgan barcha ajdodlar xotirlanadi. Hayot bo‘lganlariga esa hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi, qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, 9 may — fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kunigina emas, balki xalqimiz urush va tinchlikda ko‘rgan katta fojialardan xulosa chiqarish, bugungi tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida jamiyatimiz ongu shuuridan joy olgan qadriyatdir” — deyiladi xabarda.







