O‘zbek–qirg‘iz chegarasidagi vaziyat oydinlashdi
DXX Chegara qo‘shinlari rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari xabariga ko‘ra, 2022 yilning 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh nomaʼlum shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tilayotganligi o‘zbek chegara naryadlari tomonidan kuzatilgan va ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.
Qayd etilishicha, chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan.
Mazkur holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lgan. Natijada, 3 nafar shaxslar yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan.
Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining hudud bo‘yicha chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror.







