12-may— Xalqaro hamshiralar kuni
Hozirda mamlakatimizda 350 ming nafarga yaqin o‘rta tibbiy xodimlari va 6 mingga yaqin oliy maʼlumotli hamshiralar faoliyat yuritib kelmoqda.

Egniga oq xalat kiyib, nomi va shaʼnini xuddi libosidek pokiza saqlaydigan hamshiralarni tibbiyotimizning suyanchi va tayanchi, deb taʼriflash mumkin. O‘z huzur-halovatidan kechib, jonini xatarga qo‘yib, o‘zgalar dardida yelib-yuguradigan, bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki mehr va shirin so‘z bilan davolayotgan bu sharafli kasb egalarining mashaqqatli mehnati tahsinga sazovor.
Xalqaro ekspertlar prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib dunyoning rivojlangan mamlakatlarida tibbiyot sohasi bo‘yicha 40 millionga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Albatta, bu — katta o‘sish ko‘rsatkichi!
Hozir mamlakatimizda 350 ming nafarga yaqin o‘rta tibbiy xodimlari va 6 mingga yaqin oliy maʼlumotli hamshiralar faoliyat yuritib kelmoqda. So‘nggi yillarda ularning emin-erkin ishlashini taʼminlash, jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy mavqeini ko‘tarish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, yaqinda davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida hamshiralar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ularni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash, bilim va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qator ustuvor vazifalar belgilandi.







