Toshkent viloyatida qaynona kelinini pichoqlab qo‘ydi
Ayolning 3 farzandi onasiz qoldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda qaynona kelinini o‘ldirib qo‘yganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Xayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, 5 may kuni soat taxminan 10.00 larda Toshkent tumani, Chinor 7-tor ko‘chasida yashovchi ayol (1955 y.t.) kelini (1985 y.t., 3 nafar farzandi bor) bilan o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli janjallashgan.
Janjal davomida ayol oshxona pichog‘i bilan kelinining chap ko‘krak qismiga bir marotaba zarba bergan. Olgan tan jarohati tufayli jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan 9 may kuni kelin shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayblanuvchi ayolga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, hozirda Toshkent tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.







