Andijon shahar hokimining eski ishidagi kirdikorlari fosh bo‘ldi
U 37 nafar hamtovog‘i bilan milliardlab pullarni "yeb yuborgan".

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov davlat byudjetining 48,5 mlrd so‘mini talon-toroj qilgani maʼlum qilindi.
Hokimning 2017 yildan 2019 yil oktyabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida sodir etgan moliyaviy jinoyatlari uchun tergovga tortish masalasi Bosh prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnomada ko‘tarilgan.
Hokimning jinoyatchi sheriklari 37 nafarni tashkil qilib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Hozircha yetkazilgan zararning atigi 23 foizi qoplangani aytilmoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, Andijon shahar xalq taʼlimi bo‘limi mansabdor shaxslari 2018 yil noyabr oyidan 2020 yil noyabr oyiga qadar bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirgan. UzAsbo dasturiy majmuasiga ulangan buyurtmachilarning oylik ish haqlari hamda boshqa to‘lovlari bo‘yicha so‘rovnomalarini soxtalashtirib, to‘lovga taqdim qilishi natijasida 48,5 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon shahar xalq taʼlimi bo‘limi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.







