Zelenskiy yanvargacha kelishuvga umid qilmoqda, Tramp esa shubha bildirdi
AQSh prezidenti muzokaralar natijasi Rossiya va Ukrainaning pozitsiyalariga bog‘liqligini ta’kidladi.

Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni yanvar oyiga qadar yakunlash imkoniyatiga shubha bildirdi. U mojaroni hal qilish uchun aniq muddat belgilanmaganini aytdi. Bu haqda Tramp The New York Post nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
Jurnalist undan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning amerikalik muzokarachilar yanvargacha tinchlik kelishuviga erishishni istayotgani haqidagi bayonotiga munosabatini so‘ragan. Tramp savolga kulib javob bergan.
“Men shunchaki bu mojaro tugashini istayman. Menda hech qanday muddat yo‘q. Tango uchun ikki kishi kerak, shuning uchun ko‘ramiz”, degan AQSh prezidenti.
Uning aytishicha, ba’zan Rossiya kelishuvga tayyor ko‘rinadi, boshqa paytlarda esa Ukraina shunday pozitsiyani namoyon etadi.
Avvalroq Zelenskiy Bloomberg nashriga bergan intervyusida AQSh vakillari Stiven Uitkoff va Jared Kushner tinchlik kelishuvini imkon qadar tezroq, ideal holatda esa yanvar oyigacha imzolash tarafdori ekanini aytgandi. Ukraina prezidenti tinchlikka erishishni istashini, biroq bu mamlakat manfaatlari hisobiga bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Ukraina bo‘yicha navbatdagi muzokaralar sanasi hozircha belgilanmaganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati Abu-Dabidagi muzokaralar davom etishi kerak deb hiosblaydi.







