"Quyoshli" tepaligining tupurib davolaydigan “tabibi”
Aslida u kim?

Bo‘stonliq tumani IIB tezkor xodimlari va tuman DSI odamlarni tupurib davolaydigan tabib paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.
Tekshiruv davomida “tabib” – Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan, tabiblik borasida maʼlumotga ega bo‘lmagan fuqaro B.Y. (chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi shaxs) ekanligi aniqlangan.
Fuqaro B.Y. taxminan 2 yildan buyon Bo‘stonliq tumani, Oqtosh qishlog‘idagi, aholi orasida “Quyoshli” deb nomlangan tepalikda odamlarga echki suti sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan bo‘lgan.
“Tabib” 27 may kuni “Dorivor o‘simliklar haqida”gi kitobdan Chittigul ildizini kukun shaklida tomoqqa sepilsa, laringit kasalligini davolashi haqida o‘qib qoladi. Shundan so‘ng tog‘dan “Chittigul” ildizini terib kelib, kukun shaklida maydalaydi va quyosh taftidan nafas olish uchun kelgan fuqarolarga trubka orqali sepadi (purkaydi). U o‘z ko‘rsatmasida har bir muolajasi uchun 20 ming so‘mdan pul olganliginini aytib o‘tgan.
B.Y. muolaja o‘tkazishda foydalanib kelgan buyumlar ashyo tariqasida olingan.
Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







