“Nexia-3” va avtobus to‘qnashuvi o‘lim bilan yakunlandi
Toshkentda “Nexia-3” va MAN rusumli avtobus to‘qnashishi oqibatida yengil avtomobil haydovchisi vafot etdi.

Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, soat 16:27 da “Nexia-3” haydovchisi U.O. avtomobilni Kichik halqa yo‘li ko‘chasi bo‘ylab Bunyodkor shoh ko‘chasi tomonga boshqarib borayotgan bo‘lgan. U belgilangan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasdan, oldinda harakatlanib ketayotgan transport vositasi bilan oraliq masofa saqlamagani hamda katta tezlikda harakatlangani sababli oldidagi piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtagan «7-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan MAN rusumli avtobus orqasiga kelib urilgan. Oqibatda “Nexia-3” haydovchisi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida vafot etgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. “Toshshahartransxizmat” AJning Harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkaziladi.







