Jamiyat

Andijonda bir qator IIB masʼullari ishdan bo‘shatildi

Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tizimli tahlil qilindi.

Andijonda bir qator IIB masʼullari ishdan bo‘shatildi

 

Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, respublika harbiy prokurori Shuhrat Uzoqov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida bo‘lib, olib borilgan ular tomonidan manzilli tahlil qilindi.

 

Unga ko‘ra, Andijon viloyati hokimligi majlislar zalida viloyat hamda tuman-shahar sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlarning boshliqlari hamda boshqa masʼullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.

 

Unda  joriy yil boshidan shu kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan 50 mingta murojaatning atigi 24 foizi ijobiy hal etilgani tanqid qilindi. Shuningdek, 72 foiziga esa mutasaddilar tomonidan to‘g‘ri tushuntirish berilish bilan cheklangani qayd etildi.

 

Ishchi guruh aʼzolarining o‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqarolarning muammolariga yetarli eʼtibor qaratmagan, ularni hal etishga sust munosabatda bo‘lgan bir qator tuman-shaharlarning sektor rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi.

 

O‘z faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ygan bir qator shahar-tuman IIB boshliqlariga ogohlantirishlar berilib, Andijon, Oltinko‘l hamda Buloqboshi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi. Bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan IIO xodimlariga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi.

 

Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ularning masʼuliyati oshirildi.

Andijonda bir qator IIB masʼullari ishdan bo‘shatildi | Zamon.uz