Farg‘onada soxta YHXB inspektori qo‘lga olindi
Holat yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Fuqaro M.X. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro M. sotib olmoqchi bo‘lgan “Ural” rusumli yuk avtotransport vositasini qayta jihozlash orqali “Zil” rusumiga o‘zgartirib, hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda maʼlum bo‘ldi.
Xabarda keltirilishicha, M.X. o‘zi uchun Farg‘ona viloyati IIB pensioneri hamda viloyat YHXB yo‘l posboni soxta guvohnomalarini tayyorlab olgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







