"Tumanlardagi tibbiyot birlashmalari faqatgina «ajal bekati» ekanligi namoyon bo‘lmoqda"
Shoir va yozuvchi Muhammad Ismoilning o‘g‘li Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati bosh mutaxassisi Asqar Ismoilov ukasining avtohalokatga uchragani va unga zarur yordam ko‘rsatilmayotganini aytdi.

Taniqli shoir va yozuvchi Muhammad Ismoilning o‘g‘lini 8-iyun kuni Ohangaronda, piyodalar o‘tish yo‘lagida mashina urib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Avvalroq u avtohalokat sababini aytib, o‘g‘lini 5 kundan beri Ohangaron shifoxonasidan Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib kelolmayotganini maʼlum qilgandi.
Yozuvchining yana bir o‘g‘li Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati bosh mutaxassisi Asqar Ismoilov ukasiga zarur bo‘lgan yordam haligacha ko‘rsatilmayotganini taʼkidladi.
“Shuncha yil Toshkent viloyatida ishlab tibbiyot sohasida bo‘layotgan o‘zgarish va islohotlar haqida bo‘sh aravani quruq olib qochganligimiz-u, baland parvoz gaplardan uyog‘iga o‘tmaganimiz o‘zimga kelganda dushmanlik qilishini hecham o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
Ukamning ajal og‘zida yotganiga ham bugun 7-kun bo‘ldi. Ohangaron Tibbiyot birlashmasiga olib kelganimizda hushi o‘zidaligi va hamma bilan gaplashgani ko‘z oldimda. Nahot sog‘liqni saqlash sohasi bu darajada jarlik tomon qulagan bo‘lsa... Bu darajada ketsa, yana qancha insonlar aziyat chekishi mumkin.”, – deydi u.
Asqar Ismoilov ukasi jarohat olgandan (oyoq qismi singandan) so‘ng uzog‘i 6 soat ichida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini bilgach, shu zahoti Toshkentga murojaat qiladi va malakali mutaxassislarni chaqirish kerakligini aytadi. Ular esa hammasi joyidaligini aytib, bu unchalik jiddiy shikast emasligi va shu yerning o‘zida xamma choralar ko‘rilayotganiga akani ishontirishadi.
“Ming afsuski, tuman shifokorlarining imkoniyati shu ekan – vaʼdalar ekan”, – deydi u. “Vaqt boy berildi, faqat og‘riq qoldiruvchi dori berib tavakkal qilishgan. Dunyo mo‘jizalarga boy. Moʻjiza ham kelavermagach, malakali poytaxtdan shifokorlarni chaqirish lozimligini aytishdi. Shifokorlar kelib tekshirgandan so‘ng, endi hammasini boshidan boshlash kerakligi aytildi.
Asqar Ismoilov 7 kundan buyon bir marotaba qimirlamay, singan suyaklar va noto‘g‘ri muolajalar bilan igna ustida yotgan ukasining holatini aytib, bunday vaziyatda shifokorlar amaliyotsiz va o‘ziga ishonmagan holda bemorga tavakkaliga qarash adolatdan emasligini afsus bilan bayon qilgan.







