Samarqandda nimalar bo‘lyapti?
Viloyatda ketma-ket mudhish jinoyatlar sodir etilmoqda.

Shu kunlarda Samarqandda sodir bo‘layotgan turli voqealar odamlar eʼtiborini tortmoqda.
Joriy yilning 25-iyun kuni soat taxminan 23:00 larda Ishtixonda bir erkak kuyovi bilan qo‘shni ayolni arqon bilan bo‘g‘ib, kaltakladi.
Bunga nima sabab bo‘lgan?
Ayol o‘sha kuni kechki payt boqqa suv quyish uchun chiqqanini va orqasidan kelayotgan oyoq ovozlarini eshitganini aytgan.
“Orqamga qarab, qo‘shnim turganini ko‘rdim va qo‘limdagi ketmonni tashlab qochmoqchi bo‘ldim. Shu payt bo‘ynimga arqon kelib tushdi. Kuyovi esa boshimga temirga o‘xshash buyum bilan urdi”, – dedi jabrlangan ayol.
Qo‘shni ayol ikki oila o‘rtasida bir necha yillardan buyon kelishmovchilik bo‘layotganini maʼlum qilgan. Shuningdek, erkak o‘tgan yili ayol onasining boshini ham urib yorgan.
Hozirda holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Fuqaro tuman tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Holat tuman sektor rahbarlari nazoratiga olingan.
Yana bir holat esa o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq holda sodir etilgan.
Unga ko‘ra, institutga o‘qishga kiritishni vaʼda qilib, 5 ming AQSH dollari olgan bo‘lim boshlig‘i ushlandi.
Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro jiyani S.ni o‘qishga kirishi uchun hujjat topshirish tartibini o‘rganayotgan vaqtida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Sirtqi bo‘lim boshlig‘i bilan tanishib qoladi. U Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, ushbu shaxs uning ishonchiga kirib, jiyanini dizayn fakultetiga o‘qishga joylashtirib qo‘yishini aytib, evaziga 5.000 dollar talab qilganligini aytgan.
Joriy yilning 1 iyul kuni mazkur arizaga asosan, Samarqand viloyati IIB JQB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, X.V. ariza muallifidan talab qilgan 5.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda qizini 100 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayol qamalgani xabar qilingandi.







