Jamiyat

Arzonlashtirilgan “tonirovka”, Nukusdagi mitinglar va qudratli armiya tuzmoqchi bo’lgan Erdog‘an

Zamon.uz hafta davomida ro’y bergan eng sara xabarlar dayjestini e’tiboringizga havola etadi.

Arzonlashtirilgan “tonirovka”, Nukusdagi mitinglar va qudratli armiya tuzmoqchi bo’lgan Erdog‘an


Yakunlanayotgan hafta O’zbekistonda haydovchilar uzoq kutgan yangilik bilan boshlandi. 28-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektror yig’ilishi o’tkazib, unda “tonirovka” masalasiga to’xtaldi va bu bo’yicha qaror qabul qilinganini aytdi.


Unga ko’ra, 1-iyuldan boshlab:
—avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi, ya’ni bepul bo‘ladi;
—old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi;
—ishlab chiqarilganiga 10 yildan ko‘p bo‘lmagan yengil mashinalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi bekor bo‘ladi.


Shuningdek, 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan yengil mashinalar – ikki yilda, 15 yildan ortiq bo‘lganlari esa bir yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.


Hisob-kitoblarga ko’ra, old yon oynalari tusini qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun BHMning 8 baravari (2 mln 400 ming so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Ushbu davlat xizmati YAIDXP (https://my.gov.uz/uz) orqali ko‘rsatilganda to‘lov miqdori 2 mln 160 ming so‘mni tashkil etadi.


1-iyul kuni Qoraqalpog’iston Respublikasining Nukus shahrida bir guruh shaxslar tomonidan ommaviy namoyish uyushtirildi.


IIV vazirligi xabariga ko’ra, ular respublikada amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.


Qoraqalpog’iston Oliy hokimiyatining ma'lum qilishicha, namoyishchilar populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilib, respublika fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldidagi maydonga yig‘gan.


Ig‘vogarlar yig‘ilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga uringan.


Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qat’iy choralar bilan tashabbuskorlarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari to‘xtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘yilgan.


Shundan so’ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni Nukus shahriga borib, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi.


Uchrashuv davomida davlat rahbari Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi. 


Shuningdek, Prezident qoraqalpoq xalqiga murojaat qilib, yangilanayotgan Konstitutsiyani takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etishini, bu borada faqat xalq bilan bamaslahat ish olib borilishini aytib o‘tdi.


Bundan tashqari, Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etildi.


3-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor Nukusga jo‘nab ketdi. U yerda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, barcha tumanlar bilan muloqot qilindi. Tuman hokimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi. Ta’kidlanishicha, davlat rahbarining 2-iyul kungi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgan, hayot o‘z maromiga qaytmoqda.

 

Nukusda norozilik namoyishi o'tkazilayotgan vaqtda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an dunyodagi eng kuchli armiya yaratishini ma’lum qildi.


“Biz armiyani dunyodagi eng kuchlisiga aylantirmaguncha mustahkamlashda davom etamiz. Ayniqsa, qurolli kuchlarning tiyib turish salohiyatini oshirishga alohida ahamiyat beramiz”, – degan u.


Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, ayrim sohalarda kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, armiya muvaffaqiyatlarga erishishda davom etyapti. Bu ayniqsa, terrorizmga qarshi kurashda namoyon bo‘lmoqda.


Shuningdek, dunyo sahnida yana bir muhim voqea yuz berdi: Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga tovarlar tranzitiga qarshilik qilmaslikka chaqirdi. Kanslerning fikricha, Boltiq dengizi mintaqasidagi keskinlikni kamaytirish zarur.


“Biz Rossiyaning ikkita qismidagi harakat bilan ish olib borishimiz zarurligini inobatga olish zarur”, – degan u NATOning Madrid sammitidagi chiqishida.


Siyosatchi Kaliningrad masalasida Moskvaga qarshi sanksiyalarni istisno qilinishi zarurligini aytgan.

 

Ma’lumot o‘rnida: 18-iyundan boshlab Litva o‘z hududi orqali Kaliningrad viloyatiga qator tovarlar tranzitini taqiqlab qo‘ydi. Bu mahsulotlar Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostiga tushgan.

 

Arzonlashtirilgan “tonirovka”, Nukusdagi mitinglar va qudratli armiya tuzmoqchi bo’lgan Erdog‘an | Zamon.uz