Jamiyat

“Uqalash muolajasi” eʼtiroz va nafratimizni uyg‘otdi — Musayev

Sog‘liqni saqlash vaziri tarmoqni “portlatgan” videoga munosabat bildirdi.

“Uqalash muolajasi” eʼtiroz va nafratimizni uyg‘otdi — Musayev

 

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ijtimoiy tarmoqlarda bolani stolga yotqizib, turli og‘ir harakatlar bilan uning qo‘l-oyog‘ini, qornini ezayotgani, badanini ko‘tarib, stolga urayotgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bog‘liq videolavha barchamizda eʼtiroz va nafrat uyg‘otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir.

Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qatʼiy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va shaʼnini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz”, ؙ— degan vazir.

 

Musayevning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik mazkur masala yuzasidan o‘rganish natija va xulosalarini, jumladan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli hujjat va ruxsatnomalarga ega bo‘lmay faoliyat yuritganiga doir maʼlumotlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etadi.

 

“Uqalash muolajasi” eʼtiroz va nafratimizni uyg‘otdi — Musayev | Zamon.uz