Andijonda ayol erini o‘ldirish uchun 30 ming dollarga odam yolladi
Ayol turmush o‘rtog‘ining daʼvo arizasiga asosan u onalik huquqidan mahrum qilindi.

Ularning to‘rt nafar farzandi bo‘lgan.
Daryo.uz nashrining maʼlum qilishicha, ikki yil avval Farida Tursunova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) rashk oqibatida kelib chiqqan mojaro ortidan turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishga qasd qilgan. Buning uchun 30 ming dollarga qotil yollab, kelishilgan mablag‘ning maʼlum qismi hamda tilla taqinchoqlarni dastlabki to‘lov sifatida «suiqasd ijrochisi»ga berayotgan chog‘da tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudining 2020 yil 17 sentyabrdagi hukmi bilan o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra qotillikni nihoyasiga yetkaza olmagan ayol Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topilib, unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shundan so‘ng mahkumaning turmush o‘rtog‘i Alisher Mansurov fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudiga ayoli ayni paytda qamoqda ekani, ushbu holat farzandlarining ruhiyati va kelajagiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini bildirib, Farida Tursunovani onalik huquqidan mahrum qilishni so‘rab, daʼvo ariza kiritgan. Sudning hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talabi qanoatlantirilib, javobgar to‘rt nafar qiz farzandlariga nisbatan onalik huquqidan mahrum qilingan.
Viloyat sudi sudyasi Gulnoraxon Asranovaning qayd etishicha, keyinchalik javobgarning vakili fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati keltirgan.
«Oila kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘z bolalarining hayoti va sog‘lig‘iga yoki eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilish belgilangan. Daʼvogarning apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida so‘ralgan voyaga yetmagan farzandlari o‘z tushuntirishlarida otasi bilan yaxshi yashab kelayotganliklarini, onasi bilan ko‘rishishni istamasliklarini, onasi bilan birga yashagan davrida ularni ko‘p marta urganligini, otasini o‘ldirmoqchi bo‘lganligini, hatto onasining boshqa qarindoshlari bilan ham ko‘rishishni istamasliklarini bayon qilgan. Shu sababli viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati ajrimiga asosan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirilib, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirilmadi», — deydi Gulnoraxon Asranova.







