Samarqandda pensiyaga chiqarishda ish staji qo‘shib bergan shaxs ushlandi
Mansabdor buning evaziga fuqarodan 300 dollar talab qilgan.

Samarqand viloyatida fuqaro nafaqaga chiqishi uchun Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limiga borib, ishlagan vaqtini hisoblatganida, 1 yil 6 oy ish staji yetmaganini,so‘ng, shu yerda o‘zini Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari deb tanishtirgan K.Sh. bilan tanishib qolganini aytadi. Bu joriy yilning 18 iyul kuni fuqaro topshirgan arizasida bayon qilindi.
Aytilishicha, K.Sh. ularning ishonchiga kirib, yetmagan ish stajini soxtalashtirish orqali to‘g‘rilash va nafaqa rasmiylashtirib berishni vaʼda qilish orqali 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qiladi.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va shahar prokuraturasi xodimlari hamkorligida, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati Samarqand shahar bo‘limi binosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, K.Sh. o‘z xizmat xonasida ariza muallifidan 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.







