Sinchkovlik bilan o‘rganilgan muammo ijobiy yechim topmoqda
Samarqandda yarim yilda qancha murojaat hal qilingan?

Prezidentimizning Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalariga joriy yilning 6 oyi davomida 10 ming 61 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda 11 mingga yaqin masalalar ko‘tarilgan. Bu murojaatlarning 6 ming 640 tasi ijobiy hal etilib, 1 ming 910 ta masalaga tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, qolganlari ko‘rib chiqish jarayonida.
Yangi o‘quv yiliga munosib tuhfa
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 50-umumtaʼlim maktabi 420 o‘rinli bo‘lsa-da, o‘quvchilar soni 780 nafardan oshib ketgan. Sinfxonalar yetishmasligi, tabiiyki, o‘qituvchilar uchun ham, o‘quvchilar uchun ham o‘ziga xos muammolarni keltirib chiqarib, taʼlim sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan edi. Hudud aholisi murojaatlaridan so‘ng, bu masala sektor rahbarlari bilan birga o‘rganildi, kengashildi. Natijada, bu masala taklifga aylanib, tegishli dasturlarga kiritildi, uning moliyaviy asosi paydo bo‘ldi.
Ayni paytda bu yerda dastur asosida qiymati 980 million so‘mlik 120 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi boshlandi. Qo‘shimcha bino 8 ta yangi sinfxona, faollar zalini o‘z ichiga oladi, bu bilan o‘quvchi sig‘imi bilan bog‘liq masala hal qilinadi.
Pastdarg‘om tumani markazidan 25 kilometr olisda, Nurobod tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan “Elbek”, "Sariko‘l", "Kanalyoqa" va "Umakay" mahallalari aholisini ham shunga o‘xshash masala o‘ylantirib kelardi. Sababi, to‘rt mahalladagi 475 nafar o‘quvchi 10-sonli umumtaʼlim maktabga qatnashar, maktabdagi sharoitsizlik esa zamonaviy taʼlim berishga xalal qilayotgan edi. Aholi murojaatidan bu yerda ham tegishli dasturlar asosida 1968 yilda dala shiyponi o‘rnida tashkil qilingan maktab binosini taʼmirlash, o‘quvchilar uchun munosib sharoitlar yaratishga kirishildi. Buning uchun dastur asosida 2 mlrd 850 million so‘m mablag‘ ajratildi va uch qavatdan iborat 360 o‘rinli zamonaviy maktab binosi qurib berildi.
Ayni kunlarda Oqdaryo tumani “Pichoqchi” mahallasidagi 30-umumtaʼlim maktabi pedagogik jamoasining taʼlim muassasasi binosini kapital taʼmirlash bo‘yicha murojaati ham hal etilib, maktab bosh-oyoq rekonstruksiya qilinmoqda.
Hudud aholisining mahalla markazi binosini taʼmirlash masalasidagi murojaati ham Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinib, tegishli dasturlarga kiritildi. Mazkur dastur asosida mahalla markazi uchun barcha qulayliklarga ega bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mahallaga kirib kelgan obi hayot
Samarqand tumani “Qo‘shtamg‘ali” mahallasi aholisi esa ichimlik suvi taʼminotidagi masalalarga yechim so‘rab murojaat qilishgandi. Bu masala ham masʼullar bilan birga joyiga chiqib o‘rganildi. Shundan so‘ng mahalliy dastur asosida taʼmirlash ishlari bajarilib, xonadonlarga obi-hayot kirib keldi.
Payariq tumani “Birlashuv” mahallasida yashovchi Dilorom Ashurova ham toza ichimlik suvi muammosiga yechim so‘ragandi. O‘rganishlar hududdagi Qiyra, Qorakamar, To‘rtkul va Birlashuv qishloqlaridagi 787 ta xonadonning yetmish foizdan ortig‘i ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmaganini ko‘rsatdi. Murojaat taklifga, taklif loyihaga, loyiha esa dasturga aylandi. Ayni paytda Dilorom Ashurova murojaatidan so‘ng mahallada ikkita suv inshooti qurilishi va 21 km suv tarmog‘ini tortish ishlari boshlab yuborildi. Mutaxassislarning aytishicha, loyiha qiymati –qariyb 7 mlrd so‘m bo‘lib, bu 540 ta xonadonga obodlik kirib keladi.
Xotin-qizlar muammolari ham ijobiy hal etildi
Murojaatlar asosida tadbirkorlik, mehnat va bandlik, mahalla, oila, xotin-qizlar yo‘nalishiga oid masalalarni hal qilishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Aytaylik, Qo‘shrabotning “Yangi qishloq” mahallasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan Yulduz Isroilovaga, murojaatidan so‘ng o‘z tomorqasida issiqxona qurish uchun kredit ajratildi. Yoxud Ishtixonning “Katta qang‘li” mahallasida yashovchi Go‘zal Aliqulova, “Xonaqa” mahallasida istiqomat qiluvchi Ilhom Jozilovning ham kam foizlik imtiyozli kredit olish uchun bilan bog‘liq masalalari hal qilib berildi.
Qo‘shrabot tumani “Sohibkor” mahallasida yashovchi Nargiza Ochilovaning murojaati ham ijobiy hal etildi. 5 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan bu ayolning turmush o‘rtog‘i bosh miya operatsiyasini boshdan o‘tkazgandan so‘ng mehnatga layoqatini yo‘qotadi. Ikki nafar farzandi talaba bo‘lgach, ro‘zg‘or xarajatlari ko‘payib, turmush o‘rtog‘ini davolatishga mablag‘ topa olmagan Nargiza Ochilova ayni masalada yordam so‘rab murojaat qildi. Mutasaddilar bu masalani joyiga chiqib o‘rgangach, bemorga amaliy yordam ko‘rsatilib, sog‘lig‘ini tiklab olishiga ko‘maklashildi.
Tumanning “Mayintepa” mahallasi hududida joylashgan “Kamarovul” qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Rayhona Shukurova 2022 yilning 1-martida Toshkentda akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdi. Tug‘ma yurak nuqsoni bilan bolaligidan kurashib kelayotgan bu qizning darddan forig‘ bo‘lib, sog‘ayib ketishida Xalq qabulxonasi amaliy yordam ko‘rsatdi.
Oqdaryo tumani “Navro‘z” mahallasida yashovchi Matluba Umirovaning uch farzandi bor. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi bu ayolning murojaatidan so‘ng uning uyi taʼmirlab berildi.
Ishtixonlik Nodira Hamroyevaning boquvchisini yo‘qotgani, 5 farzandini yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirayotgani, ko‘p yillardan buyon ijarada yashab kelayotgani inobatga olinib, yolg‘iz ayol ijtimoiy uyga joylashtirildi.
Muxtasar aytganda, Samarqand viloyatida ham har bir murojaat sinchiklab o‘rganilishi ko‘plab muammolarning hal bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Masʼullarning joylarga chiqib aholi bilan bevosita muloqot qilishi xalqning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan hal etish imkonini bermoqda, bu esa pirovardida odamlarning davlatga, adolat va qonun ustuvorligiga, ertangi kunga ishonchini yana-da mustahkamlamoqda.







