Xalqaro qidiruvdagi buxorolik shaxs Turkiyada qo‘lga olindi
U Jinoyat kodeksning 5 ta moddasi bilan ayblangan.

Xalqaro hamkorlikdagi tezkor tadbirda qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyatining Romitan tumani “Xosa” mahallasida ro‘yxatda turib yashagan 1977 yilda tug‘ilgan E.H. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 1-qismi, 156-moddasi 3-qismi, 159-moddasi 3-qismi, 244/1-moddasi 3-qismi, 244/2-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 2015 yildan beri tuman IIB tomonidan qidirilayotgan bo‘lgan.
Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining hamkorlikdagi “Qidiruv” maxsus tezkor profilaktik tadbiri davomida uning Turkiya hududida yashirinib yurgan manzili aniqlangan. Shundan so‘ng u Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida ushlangan va O‘zbekiston Respublikasiga ekstradisiya qilinishi ta’minlanib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.








