«Magic City»dagi janjal jinoyat bilan yakun topdi
Fotosuratchi hamkasbini pichoqlab qo‘ydi.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining xabar berishicha, «Magic City»da suratkash boshqa bir hamkasbini pichoqlab qo‘ydi.
Jinoyat sodir etilishiga 6-avgust kuni kechqurun «Magic City»da faoliyat yuritayotgan ikki suratkash o‘rtasida yuzaga kelgan janjal sabab bo‘lgan. Oqibatda Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro Sh.D. hamkasbi 25 yoshli H. K.ga o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Ichki ishlar organi xodimlariga fuqaro Sh.D. tomonidan qattiq qarshilik ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, xodimlar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini yordamga chaqirgan va fuqaro qo‘lga olingan.
Jarohatlangan fuqaro H.K.ga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va hozirda uning salomatligi qoniqarli ekani aytilmoqda.
Huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-(mayda bezorilik) va 194-moddalari (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalari bo‘yicha jazo turi qo‘llanilgan.







