Farg‘onada “DXX xodimi” 15 mln pora bilan ushlandi
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Marg‘ilon shahridagi maktablardan birining direktor o‘rinbosari T.I (ismi sharifi o‘zgartirilgan) tovlamachilik yo‘li bilan viloyatdagi tumanlardan birining xalq taʼlimi bo‘limi mudiri U.R.dan pul olayotganda qo‘lga olingan.
Maʼlum bo‘lishicha, T.I. o‘zini tuman xalq taʼlimi bo‘limi mudiri U.R.ga "DXX viloyat boshqarmasi masʼul xodimi" sifatida tanishtirib, uning ustidan ariza tushganligini maʼlum qilgan. Bo‘lim mudiri har oyda maktab direktorlaridan pul talab qilib kelayotganligini, yaqinda yuqori lavozimga qo‘yilgan ayoldan katta miqdorda pora olganligini isbotlovchi audio va video yozuvlar borligini aytib, uni javobgarlikdan qutqarib qolish evaziga 15 million so‘m talab qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda T.I. ko‘rsatib o‘tilgan miqdordagi pulni olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi. Holat yuzasidan T.I.ga nisbatan JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







