Sirdaryoda 14 yoshli qiz uyida o‘ldirib ketildi
Jinoyatchi muqaddam sudlanib, hozirda manzil koloniyada jazo o‘tayotgan bo‘lgan.

Joriy yilning 20-avgust kuni soat 04:00 atrofida nomaʼlum shaxs Xovos tumani, Minor ko‘chasidagi uylarning biriga yashirincha kirib, uyning barcha xonalaridan pul va qimmatbaho buyumlarni izlash jarayonida yotoqxonada yotgan 14 yoshli qizni (yuzini ko‘rib qolganligi sababli) pichoq bilan qasddan o‘ldirgan.
So‘ng pullarni qidirishni davom ettirib, uyning boshqa xonasida namoz o‘qish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan 78 yoshli ayolga pichoq bilan tahdid qilgan holda pullar qayerda ekanligini talab qilgan. Biroq ayoldan "pullar yo‘q" degan javobni olgach, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyatni fosh etish borasida tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 1997 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, oxirgi marotaba 2018 yilda bosqinchilik bilan sudlanib, hozirda manzil koloniyada jazo o‘tayotgan shaxs sodir etganligi aniqlandi.
Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.







