Navoiyda 829 dona baliq nobud bo‘lgani aniqlandi
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Navoiy viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ishonch telefoniga Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatda tuman hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi qirg‘oqlarida baliqlarning ko‘plab nobud bo‘lgani xabar qilingan.
Ushbu holat yuzasidan boshqarma tomonidan tezkor ravishda ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga borib o‘rganildi. O‘rganish ishlariga ekologiya boshqarmasining 25 nafar inspektori jalb qilinib, jami 829 dona (486 dona tovonbaliq, 113 dona sazan, 121 dona som baliq, 12 dona Turkiston mo‘ylovdori, 97 dona Samarqand xramulyasi) baliq nobud bo‘lgani aniqlandi.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida “Navoiyazot” AJ va “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ korxonalarining Zarafshon daryosiga tashlanadigan oqova suvlaridan “Navoiyazot” AJ sanitar laboratoriyasi va ekologiya boshqarmasining atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish analitik laboratoriyasi bilan “Navoiyazot”AJ korxonasining №-219 quduq, №-214 quduq, №-480 sex va daryoga quyiladigan №-267 quduqlaridan oqova suvlar namunalari olindi.
Baliqlarning ommaviy nobud bo‘lish sabablarini aniqlash maqsadida viloyat veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari tashxisi laboratoriyasi tomonidan nobud bo‘lgan baliqlardan namunalar olindi. Nobud bo'lgan baliqlarni daryodan yig‘ib olish uchun qo‘shimcha ravishda rezina qayiqlar va Ekologiya boshqarmasining davlat inspektorlari jalb etilib, daryodan yig‘ib olish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.







