Ishonch va hayotdan rozilik ifodasi
Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Prezidentga nafaqat xorijdan, balki O‘zbekiston xalqidan ham tabriklar kelgan.

Yurtdoshlarimiz maktublarida davlatimiz rahbari Orolbo‘yi hududlarini har tomonlama rivojlantirishga doimiy eʼtibor qaratayotgani, dasturlar doirasida ovul va mahallalar chiroy ochayotgani, suv taʼminoti, maktabgacha taʼlim qamrovi darajasi oshayotgani taʼkidlanadi. Yaqinda hudud aholisi uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berilgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildiriladi.
Nukuslik Guljahon Jamolova yo‘llagan maktubda o‘zi yashayotgan hududda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bo‘lgani haqida yozgan:
“...Bu yil bizning Jeke terek mahallamiz ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi: yo‘llarimiz taʼmirlanib, asfaltlandi, necha yillik orzularimiz ushalib, uylarimizga ichimlik suvi tarmog‘i tortib berildi, “Yoshlar daftari”dagi farzandlarimiz safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishi uchun to‘lovlar to‘lab berildi, ishsiz qizlarimizga esa uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari tarqatildi, kreditlar berilmoqda va bularning barchasi uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Prezident!”, deb taʼkidlangan.
Taxiatoshlik Mayrambay Jumagaliyevning maktubida esa: “Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimizdan so‘ng davlatimiz eng katta himoyachimiz ekanini yana bir marta angladik, ishdan bo‘shatishmoqchi edi, endi barchasi joyiga tushdi, Prezidentimiz adolati bilan o‘z ish o‘rnimizni saqlab qoldik, hammasi uchun davlatimizdan minnatdormiz”, deyiladi.
Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining bayram nutqida aytib o‘tilganidek, o‘tgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil barcha bo‘g‘indagi rahbarlar uchun faoliyat dasturiga aylangani, vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilayotgani demokratik islohotlar natijadorligini taʼminlashda eng muhim va hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga har kuni kelib tushayotgan yuzlab minnatdorlik xatlarida ham “men bilan uchrashishdi”, “meni tinglashdi”, “muammomni joyida hal qilishdi” kabi iboralarga tez-tez duch kelamiz. Aytaylik, Toshkent shahri Chilonzor tumani “Bekto‘pi” mahalla fuqarolar yig‘ini Bekto‘pi ko‘chasi 2-uyda yashovchi Zahro Yoqubova doimiy dori-darmon bilan taʼminlanayotgani, Olmazor tumani Chig‘atoy darvoza mahallasidan Rinat Aglyamov davlatimizning katta yordami bilan og‘ir xastalikni yengib o‘tib, yana sog‘lom hayotga qaytgani, Yakkasaroy tumani Armug‘on mahallasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Vasiliy Ivaxenko mahalla vakillari holidan doimiy xabar olib, ko‘mak ko‘rsatib kelayotgani, Yakkasaroy tumani To‘qimachi mahallasida yashovchi pensioner Galina Jukova sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Bahor mahallasida yashovchi Yevdokiya Ivkina huquq va manfaatlari himoya qilinib, qonun va adolat ustuvorligi taʼminlangani, Andijon viloyati Buloqboshi tumani Mirzakalon Ismoiliy nomidagi mahallada yashovchi Omina Qodirova Xo‘jaobod tibbiyot kollejida o‘qishi uchun shartnoma puli to‘lab berilgani, Toshkent viloyati Zangiota tumani Ibrat mahallasida yashovchi Baxtigul O‘rinbekova quloq implanti bepul qo‘yib berilgani, Xorazm viloyati Urganch shahridagi Istiqlol mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Muborak Mahmudova mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan imtiyoz va sharoitlar tufayli Nukus davlat pedagogika institutining boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingani, Urganch shahri Obi-hayot mahallasidan 1-guruh nogironi Oybek Matkarimov yengil tipdagi do‘koncha qurib berilgani, Jizzax viloyati Baxmal tumani Saroy mahallasidan Noryigit Nurmatov tumandagi 30-sonli maktabga ishga joylashishda amaliy yordam berilgani, Samarqand shahrida yashovchi Jaloliddin Jamolov ichki ishlar tizimiga kadrlar tanlash bo‘yicha shaffof, xolis va adolatli imtihon tizimi yo‘lga qo‘yilgani bois sohaga ishga qabul qilingani, Samarqand viloyati Tayloq tumani Fayziobod mahallasida yashovchi Sharifjon Jo‘rayev 1-guruh nogironi bo‘lgan qizi Shahnoza Jo‘rayeva turar-joy bilan taʼminlangani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirgan.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
To‘rt farzandim bilan 13 yil ijarada kun kechirdim. Davlatimiz bizni hech qachon o‘z holimizga tashlab qo‘ymadi. Har doim holimizdan xabar olib turishdi. Mana, yaqinda bizga ijtimoiy uy ajratishdi. Bu koshonaning har bir qarichi biz uchun aziz, qadrli. xalqimizning “o‘z uyim – o‘lan to‘shagim”, degan maqoli mag‘zini endi tushunib yetayotgandekmiz. Agar Siz shunday insonparvar, xalqchil siyosatni yo‘lga qo‘ymaganingizda, bilmadim, biz hech qachon uyli bo‘la olmas edik. Vatanimizdan toabad qarzdormiz, farzandlarimni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman”, deyiladi Samarqand shahri Nurli kelajak mahallasida yashovchi Gulnoza Mamedova yo‘llagan maktubda.
Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi Darmon Najimova, Tuproqqalʼa tumani Sharlovuq mahallasidan Gulnora Ro‘ziboyeva, Qo‘shko‘pir tumani Shixmashhad mahallasida istiqomat qiluvchi Bekposhsha Iskandarova, Hazorasp tumani Juvarxos mahallasida yashovchi Hakim Ahmedov, Urganch shahri Do‘stlik mahallasidan Hamza Otaboyevning bayram munosabati bilan yuborilgan xatlarida keyingi besh yil ichida viloyatdagi tuman markazlari, yuzga yaqin qishloq va mahallalar obod qilingani, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib borgani, yangi vokzal ishga tushirilgani, tezyurar poyezd Xivaga olib kelinayotgani, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlangani davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik so‘zlari bitilgan.
Ayniqsa, el-yurt ozodligi yo‘lida kurashgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bag‘ishlab Urganch shahrida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilgani Vatanga sadoqat, farzandlik mehri va iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning ramzi bo‘lgani taʼkidlanadi. “Sulton Jaloliddinning 25 metrli muazzam haykali hamisha mustaqillik qadrini, erkin va ozod yashash baxt-saodatini, Yangi O‘zbekistonda nainki bugungi avlodga mansub insonlar, balki buyuk ajdodlarimiz xotirasi ham aziz ekanini bizga hamisha eslatib turadi”, deyiladi.
Shovot tumani Oqko‘l mahallasidagi 15-maktabning “Yosh shaxmatchilar” to‘garagi rahbari Xushnudbek Shixovning tabrik maktubida esa yaqinda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani timsolida ulug‘ ajdodlarimiz zakosi bugungi avlodlar intellektida yangicha maʼno-mazmun bilan namoyon bo‘layotgani taʼkidlanadi.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi yurt o‘g‘lonlari isteʼdodiga butun dunyo yana bir bor tan bergani Siz asos solayotgan Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilish g‘oyasi naqadar mustahkam, chuqur o‘ylangan pragmatik siyosat ifodasi ekanini butun jahon bo‘ylab yaqqol namoyon etdi. Siz yaratib berayotgan shart-sharoitlar tufayli, Xudo xohlasa, shaxmatchi qizlarimiz ham Olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ladi, yana to‘rt yildan so‘ng Vatanimizda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari “dunyo intellektlari toji”ni o‘zlarida saqlab qolishadi. Biz shaxmat
murabbiylari Sizga yangi-yangi chempionlar avlodini tarbiyalashga vaʼda beramizki, bu bilan o‘zbek shaxmat maktabining “oltin zanjir”i yana-da mustahkamlanadi”.
Albatta, faxr-iftixor, shukronalik va minnatdorlik tuyg‘ulariga to‘la bunday samimiy dil so‘zlarini, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlar, tub o‘zgarish va islohotlar yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Davlatimiz rahbari nomiga yo‘llangan bu maktublar bilan tanishar ekanmiz, jonajon Vatanimizning turli hududlarida yashayotgan, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ko‘pmillatli xalqimizni O‘zbekistonning buguni va kelajagiga bo‘lgan qatʼiy ishonch, yagona ahil oila, yagona xalq tuyg‘usi, mamlakatimiz yechakchisiga bo‘lgan mehr va sadoqat, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga daxldorlik va xayrxohlik, el-yurt tinchligi hamda ravnaqiga kamarbastalik fazilatlari birlashtirib turganini chuqur his qilamiz.







