Voyaga yetmagan shaxs "Lacetti"da piyodani urib yubordi
Jabrlanuvchi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Voyaga yetmagan shaxs otasiga tegishli bo‘lgan avtomashinani boshqarib YTH sodir etgan.
Zarafshondan Lacetti haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani urib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat bo‘yicha Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati munosabat bildirdi.
Joriy yilning 14-sentabr kuni soat 13:02 atrofida Zarafshon shahrida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan J.O‘. otasiga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga kesib o‘tayotgan piyoda L.A.ni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Ushbu YTH natijasida fuqaro L.A. olgan tan jarohati tufayli tuman shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.







